• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Test sinovlari tartib-qoidalari

Umumiy qoidalar

Xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar, tanlov va musobaqa sovrindorlariga o’qishga tanlovsiz kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasi; muddatli harbiy xizmatni o’tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo’lgan abituriyent tegishli tavsiyanomani oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga 15 iyulgacha taqdim etadilar, undan keyin topshirilgan tavsiyanoma qabul qilinmaydi.

Maxsus sirtqi bo’limlarga faqat o’rta maxsus ma’lumotga va tegishli ta’lim turi bo’yicha kamida uch yil amaliy pedagogik stajga ega bo’lgan pedagog kadrlardan hujjatlar qabul qilinadi.

Maxsus sirtqi bo’limlarga kiruvchilardan mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan ko’chirmasi talab etiladi.

Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan ko’rsatadi.

Ko’rsatib o’tilgan hujjatlar mavjud bo’lganda, qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Abituriyent qaysi yozuvda (kirill yoki lotin) o’qigan bo’lsa, shu yozuvda ariza yozadi va test topshiradi.

Arizada test o’tkazish tartib va qoidalari bilan tanishganligi, oliy ma’lumotga ega yoki ega emasligi ko’rsatiladi.

Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi to’g’risida tilxat beriladi.

Abituriyentlar ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar (“Ta’lim to’g’risida”gi qonun, 14-modda).

Test sinovi boshlanishidan 3 kun oldin abituriyent qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilingan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalarini diqqat bilan o’rganib, test topshiradigan binoning qaerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami va qaysi qavatda ekanligini bilib oladi.

Abituriyentlar guruh tartib raqami ko’rsatilgan ruxsatnomani test boshlanishidan 3 kun oldin ta’lim muassasasi qabul komissiyasidan oladi.

Kunduzgi, maxsus sirtqi ta’lim yo’nalishlari bo’yicha test sinovlari, “Qabul to’g’risidagi nizom”ga asosan, o’zbek, qoraqalpoq (Qoraqalpog’iston Respublikasida) va rus tillarida, O’zbekiston Respublikasining barcha hududlarida 10* iyul va 1 avgust kuni bir vaqtda o’tkaziladi

(*-bilan ko’rsatilgan sana harbiy oliy ta’lim muassasalariga tegishli).

 

O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida test o’tkazish tartibi to’grisida NIZOM

Test o’tkaziladigan kuni abituriyentlarni bino ichkarisiga kiritish ertalab soat 7.30 da boshlanadi. Abituriyent binoga kirishda ruxsatnoma va pasportini shaxsan ko’rsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abituriyentlar o’z guruhlari raqamiga muvofiq raqamlangan auditoriyaga kiradilar. Test sinovlariga mikrokalkulyator, lug’at, jadval, kitob, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalarni olib kirish taqiqlanadi. Test sinovlari boshlangandan so’ng (8.30 dan keyin) abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi. Test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo’shimcha test sinovlari o’tkazilmaydi. Abituriyent test sinovlarini ta’lim muassasasida o’qiydigan tilda va ta’lim olgan yozuvda (kirill, lotin) topshiradi.

 Abituriyentlarga test sinovlari vaqtida quyidagi talablar qo’yiladi:

  • savollar kitobi va javoblar varaqasini olgandan so’ng, savollar kitobini sinchiklab tekshirib chiqadi. Agar unda fanlar bo’yicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga ko’ra to’la nashr qilinmagan o’rinlar yoki betlar bo’lsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi va nuqsonsiz test savollari kitobi hamda javoblar varaqasini oladi (soat 9.00 dan kechikmasdan). Shundan so’ng abituriyent javoblar varaqasidagi “Abituriyentlar diqqatiga” qismini o’qib chiqadi;
  • javoblar varaqasi varianti bilan savollar kitobi varianti mosligini tekshiradi;
  • agar abituriyent soat 9.00 gacha savollar kitobidagi nuqsonlar haqida auditoriya raxbariga xabar bermasa, uning kechikkan murojaati qabul qilinmaydi. Abituriyent test savollariga javob berishdan oldin o’z ruxsatnoma va titul varaqasining tegishli joylariga javoblar varaqasining raqamini va variant raqamini ko’chirib yozadi;
  • javoblar varaqasini to’ldirishda faqat havorang pastali sharikli ruchkadan foydalanadi;
  • abituriyent o’zi haqidagi ma’lumotlarni javoblar varaqasining tegishli qismiga yozadi va mos keluvchi doirachalarni bo’yaydi;
  • maxsus kodini, o’qishni tugatgan maktabi joylashgan viloyat, tuman, shahar, shahar tumani kodlarini, maktab(litsey) nomerini, ta’lim muassasasi va ixtisoslik kodlarini javob varaqasining mos joylariga titul varaqasidan ko’chiradi va doirachalarni mos ravishda bo’yaydi (Agar abiturient o’z ixtisoslik kodini noto’g’ri belgilasa, uning javoblar varaqasi u test topshirgan guruh ixtisosligi bo’yicha o’qiladi);
  • savollar kitobidagi hamma fan bloklarida 36 tadan savol keltirilgan, har bir savolga 5 tadan (A,B,C,D,E) javob berilgan bo’lib, abiturient ulardan faqat bitta to’g’risini topishi va savollar kitobida belgilab, keyinchalik javoblar varaqasiga ko’chirishi shart;
  • javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat, 72 ta savolga 2 soat vaqt ajratiladi;
  • javoblarni tanlash ixtiyoriy. Abiturient o’zi tanlagan javoblarini javoblar varaqasining tegishli blokiga chalkashtirmasdan ko’chiradi. Javoblar varaqasiga ko’chirish uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari yana 20 daqiqa vaqt beriladi;
  • savollar kitobidagi test savollariga to’g’ri deb hisoblagan javoblarni javoblar varaqasining fan bloklaridagi doirachalarga mos ravishda belgilaydi. Chet tili bo’yicha test topshirayotgan abiturientlar o’ziga muvofiq keluvchi tilga tegishli doirachani bo’yaydi;
  • har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanganda, to’g’ri hisoblanib, agar bitta savolga ikki va undan ortiq javob belgilansa, bu javobga ball berilmaydi;
  • to’ldirilgan javoblar varaqasi abiturientning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir;
  • javoblar varaqasining to’g’ri to’ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir;
  • javoblar varaqasida tegishli doirachalarni noto’g’ri belgilagan va javoblar varaqasini almashtirib qo’ygan abiturientlar e’tirozi apellyatsiyada ko’rib chiqilmaydi;
  • test paytida abiturientning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan chiqqan abiturientlar qaytadan test sinovlariga qo’yilmaydi;
  • test davomida abiturientlarning bir birlari bilan gaplashishi, javoblarni bir-biriga ko’rsatishi, test materiallarini boshqalarga uzatishi, mikrokalkulyator, lug’at, jadval, kitoblardan, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalanishi, test hujjatlaridan nusxa ko’chirishi va boshqalarga ko’maklashishi taqiqlanadi.

Agar abiturient mazkur tartib — qoidalarga rioya qilmasa, u test sinovlarini o’tkazish tartibini qo’pol ravishda buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u sinovdan chetlashtiriladi.

Test sinovini belgilangan vaqtdan oldin tugatgan abiturient savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini auditoriya rahbariga topshiradi, abiturientlar ro’yxatidagi o’z familiyasi to’g’risiga javoblar varaqasi raqami va variant raqamining, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qo’yadi, ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadi.

Test uchun ajratilgan vaqt tugagach, auditoriya rahbari bu haqda e’lon qiladi. Abituriyentlar tartib bilan savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini auditoriya rahbariga topshirib, abiturientlar ro’yxatidagi o’z familiyalari to’g’risiga javoblar varaqasi raqami va variant raqamini, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qo’yadilar, ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadilar.

Abituriyent javoblar varaqasining maxsus joyini bo’yash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga o’z fikrini bildirishi mumkin.

Test natijalari bo’yicha apellyatsiyaga abiturientlar arizasi natijalar e’lon qilingan kundan boshlab bir oy davomida qabul qilinadi.

30.08.2018, 13:50 7474

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: