• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

KATTA BOShGA KATTA BO‘RK KERAK

21.04.2020, 15:16 E'tirof, Yangiliklar 1243

Mamlakatimizda nihoyatda katta o‘zgarish va yangilanishlar jadal odimlar bilan amalga oshib bormoqda. Faqat keyingi ikki-uch yilning o‘zidagi yangilanish va bunyodkorliklarning salmog‘i ham, mazmun va mohiyati ham jahon hamjamiyatining hayrat va e’tiroflariga sazovor bo‘layotgani bejiz emas. Bunday yangilanishlar ta’lim-tarbiya tizimida ham ochiq namoyon bo‘lmoqda. Prezident maktablarining, buyuk ijodkorlar va mutafakkirlar nomi bilan ataladigan ijod maktablarining paydo bo‘lgani yurtimizdagi iqtidorli bolalarning baxtu iqboli bo‘ldi. Ko‘plab yangi oliy o‘quv yurtlarining, jahondagi nufuzi, mashhur oliy ta’lim muassasalari filiallarining ochilayotgani ham bu yo‘nalishdagi ishlarning miqyos va mohiyatini tasavvur qilish imkonini beradi. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining tashkil etilishi ham mana shu silsilaning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Sharqshunoslik sohasi boshqa oliy o‘quv yurtlaridan keskin farq qiladi. Zero, uning bitiruvchilari faqat yurtimizda emas, balki yurtimizning tashqarisida, jahon hamjamiyatidagi ko‘plab mamlakatlarda ham yurtimizning yuzini, uning obro‘ va e’tirborini ko‘rsatish uchun xoslangan. Bugun ular faqat Sharq emas, jahonning ko‘plab mamlakatlarida ham faoliyat yuritishayotgani bejiz emas.
Bugun O‘zbekiston va jahon o‘rtasidagi aloqalarning turi ham, mazmuni ham tobora ko‘payib, boyib bormoqda. Bu jarayonlarda o‘zbekning, O‘zbekistonning yuzini ko‘rsatadigan, uning sha’nini avaylab-asraydigan, ulug‘laydigan, xalqaro maydonlardagi obro‘sini oshiradigan mutaxassislarning tayyorlanishi bevosita Sharqshunoslik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasiga ham bog‘liq. Bunda ko‘plab fazilat va xislatlar qatorida zamona tilini, ham muloqotda bo‘linayotgan mamlakatlar fuqarolarining tillarini bilish bu munosabatlarga iliqlik va samimiylik bag‘ishlashi tabiiy. O‘n birinchi asrning buyuk mutafakkiri Mahmud Koshg‘ariy ko‘plab xalq maqollari qatorida “Ardam bashi – til”, ya’ni har qanday san’at va fazilatning boshlanishi tildir” degan moqolni ham yozib olgan edi. Demak, buyuk ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz til bilishni qadimgi davrlardayoq ulug‘ va munosib fazilatlar qatoriga qo‘shgan. Yusuf Xos Hojib esa elchilarga qo‘yilgan talablar sanog‘ida til bilishga ayricha e’tibor qaratadi:

Qamug‘ til bilir ersa, achsa tilig,
Qamug‘ xatni bilsә, bitisa alig.

Barcha tillarni biladigan bo‘lsa, tilini (so‘zga) ochsa,
Turli xatlarni bilsa, qo‘li (bilan) yozsa (ya’ni qo‘li xatga ravon yursa).
Universitetlarning zimmasidagi vazifalar ko‘p. Ularning birinchisi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash. Bu tushuncha faqat oliy ma’lumotli mutaxassislarnigina emas, balki o‘z sohasining nozik siru asrorlarini mukammal egallagan olimlarni ham tayyorlashni ko‘zda tutadi. Demak, ana shu talabalarni amalga oshirish uchun imkon beradigan ta’lim-tarbiya tizimini yaratish ham uning zimmasidagi bosh vazifalardan biri bo‘ladi. Ayni mana shu talab ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilm-fan yutuqlari asosida tashkil etilishini ham taqazo etadi. Qarorda mana shu muammolar va ularning yechimlari alohida ta’kidlab ko‘rsatilgan.
Yaqin sharq mamlakatlarida universitetlarning “dorulfunun” deb atalishi bejiz emas. Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi “fanlarning uyi”, “fanlar maskani” deganidir. Buni ko‘plab fanlarning birlashgan, integratsiyalashgan holati sifatida tasavvur etish qiyin emas. Bu, ayni paytda, “Ilm-ma’rifat, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” doirasidagi ulug‘vor rejalar bilan ham uyg‘unligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.
Qarorda buyuk allomalar hayoti va ijodini, ular qoldirgan merosni faqat o‘zimizdagi emas, balki horijiy kutubxonalar, muzey va arxivlardagi namunalarini keng o‘rganish asosiy vazifalar qatorida sanalgan.
Qarorning yana bir bandiga alohida e’tibor berish joiz. Unda jumladagn, shunday deyiladi: “respublikada sharq tillari va adabiyoti, tarixi, madaniyati, falsafasi, siyosati va iqtisodiyotini o‘qitish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida xorijiy mamlakatlarning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda sharq tillarini bilish darajasini baholovchi metodikalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, til ta’limi sohasida hamda Sharq mamlakatlari bo‘yicha axborot beruvchi zamonaviy media mahsulotlar va elektron o‘quv adabiyotlarni ishlab chiqish”. Bunday vazifalarni amalga oshirish, shubhasiz, ta’lim muassasasining raqobatbardoshlik darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, professor-o‘qituvchilarning zamon bilan hamqadam bo‘lishga undab turadi.

Qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga doir mexanizmlar ham ko‘rsatib berilgani ayni muddao bo‘lgan. Yuqoridagi vazifalarni bajarishda zarur bo‘ladigan moddiy-texnik baza, o‘qituvchi va talabalar salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar ko‘rsatib berilgan.
Universitetning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun juda qisqa muddatlarda yangi zamonaviy bino qurilishi haqidagi satrlar ham mana shu g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.
Yana bitta holatga alohida e’tibor berilgani ham shoyoni tahsindir. “yozma yodgorliklar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan Universitetni bepul ta’minlash” haqidagi ko‘rsatma uzukka ko‘z qo‘ygandek munosib bo‘lganini e’tirof etish kerak. Zero, baliqqa suv nechog‘li zarur bo‘lsa, bo‘lajak sharqshunoslar uchun ham nodir manbalar, ulrning foto va kseronusxalari bilan ishlash ham ayni mana shuning o‘zginasidir. Busiz ularning chuqur bilimi, munosib ko‘nikma va malakalari, yuqori darajadagi kasbiy kompetensiyasi haqida gapirish mumkin bo‘lmas edi.
Belgilab berilgan vazifalar sirasida Sinxron tarjima laboratoriyasini, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan multimedia markazini tashkil etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar universitet faoliyatining keng qamrovli va jahon andozalari darajasiga ko‘tarilishi uchun munosib omil bo‘lishiga shubha yo‘q.
Mamlakatimiz – jahon sivilizasiyasiga ko‘plab buyuk mutafakkirlarni yetkazib bergan muqaddas diyor sifatida e’tirof etiladi. Mahmud Zamaxshariy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni atroflicha va chuqur o‘rganish universitet jamoasi oldiga qo‘yilayotgan ulug‘vor vazifalar salmog‘ini aniqroq tasavvur qilish imkonini beradi.
Albatta, institutning universitetga aylantirilishi juda katta faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Ammo bu hodisa endilikda juda katta mas’uliyatlar debochasi ekanini ham unutmaslik kerak. O‘n birinchi asrning buyuk mutafakkiri Yusuf Xos Hojib (“Necha bash bedusa bedug bo‘rk kedur”(“Bosh qancha katta bo‘lsa, shunchalik katta bosh kiyimini kiyish talab etiladi”, – deb bejiz yozmagan. Bu vazifalarning asosiy mazmun va mohiyati qarorda juda ixcham va aniq qilib ko‘rsatib ham berilgan.
Modomiki, sharqshunoslik sohasidagi mutaxassislar tayyorlanar ekan, ularning ertaga boshqalar uchun ham nafi tegadigan, bugungi raqobat dunyosida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan, hozirgi zamon talabalariga mos va uyg‘un bo‘la oladigan kasb egalari bo‘lish talab etiladi. Shuning uchun ham yangi texnika va texnologiyalardan, o‘qitishning zamonaviy shakl va usullaridan puxta xabardor bo‘lganlargina “elakda” qola oladi. Bu talab o‘qish-o‘qitish jarayonidan boshlab, o‘quv-metodik adabiyotlar tizimini, xususan, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodini yaratishni ham taqazo etadi.
Endi “olma pish, og‘zimga tush” deyish bilan ish bitmasligi ayon haqiqat. Universitetdagi yuqori malakali professor-o‘qituvchilar zimmasida mana shunday ulkan ishlarni ham qisqa muddatlarda yuqori sifat darajasida ado etishday mas’uliyatli vazifalar ko‘ndalang bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida “ortiqcha” fanlardan qutulishday yangi va yaxshi tashabbus keng quloch yoymoqda. Ushbu jarayon Sharqshunoslik universiteti uchun ham begona emas. Bu yerda ham bevosita mutaxassislik uchun daxl qilmaydigan ortiqcha fanlardan qutilish zamoni kelgan. Yangi o‘quv rejalari tuzilishi va unda mutaxassis uchun bevosita zarur bo‘lgan asosiy fanlarni kuchaytirish ustuvor vazifalarimizdan bo‘lishi maqsadga muvofiq ko‘rinadi.
Ta’lim jarayonining o‘zini ham til o‘rganish, tili o‘rganilayotgan mamlakat adabiyoti, tarixi, iqtisodi, siyosati, madaniyati bilan yanada zichroq bog‘laydigan jihatlarga urg‘u berish, buning uchun o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini yanada kengroq va tig‘izroq holda tatbiq etish yo‘llarini izlash o‘rinli bo‘ladi.
Universitet jamoasi bu vazifalarni bajarish uchun to‘laligicha kamarbasta. O‘ylaymizki, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan bu vazifalarning barchasi ahil va mehnatsevar jamoamizning fidoiligi va ko‘tarinki ruhlari sharofati bilan munosib tarzda amalga oshiriladi. Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek:

Haq yo‘lida har kimga ibodat bo‘lg‘ay,
Yaxshi amal asbobi saodat bo‘lg‘ay.
Gar yaxshi amal kishiga odat bo‘lg‘ay,
Umri bu amal birla ziyodat bo‘lg‘ay.

Boqijon TO‘XLIEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
professori, filologiya fanlari doktori

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: